TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Valentina Matviyenkoni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashda ikki mamlakat parlamentlari muhim hissa qo‘shayotgani alohida qayd etildi.
Parlamentlar yuqori palatalari hamkorligi bo‘yicha komissiya yig‘ilishlari har yili muntazam o‘tkazib kelinayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, MDH Parlamentlararo assambleyasi doirasidagi aloqalar ham samarali rivojlanayotgani aytildi.
Muloqot yakunida O‘zbekiston yetakchisi ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi yaqin va sermahsul hamkorlikni bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.