TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisida “Davlat organi yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Hujjat davlat organi yoki mansabdor shaxsning noqonuniy qaror va harakatlari oqibatida fuqaro yoki tashkilotga yetkazilgan zararni qoplash tartibini belgilaydi.
Ta’kidlanishicha, hozirgacha bunday zararni qoplash masalasi yagona qonun bilan emas, 10 tadan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelingan. Biroq budjet mablag‘lari hisobidan tovon pulini to‘lashning aniq mexanizmi mavjud emas edi.
Yangi qonunda mulkiy zararlarni qoplash uchun hududiy maqsadli jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish tartibi va ularning manbalari aniq belgilab qo‘yilmoqda.
Qonunning asosiy maqsadi — davlat hokimiyati vakolatlariga ega organ yoki uning mansabdor shaxsi qonunga xilof faoliyati tufayli yetkazgan zararni qoplash, shuningdek, keyinchalik bu mablag‘ni aybdor shaxsdan undirish tartibini belgilash.
Agar zarar avvalo davlat hisobidan qoplab berilsa, keyinchalik aybdor shaxsga nisbatan regress tartibi qo‘llanilishi mumkin. Ya’ni davlat jabrlanuvchiga tovon to‘lab beradi, so‘ng bu pulni zarar yetkazilishiga aybdor bo‘lgan mansabdor shaxsdan qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi.
Shunday holatlarda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs ishlayotgan yoki oldin ishlagan davlat organiga talabnoma kiritadi.