Osiyo chempionatida yana 4 nafar o‘zbekistonlik bokschi finalga chiqdi

Osiyo chempionatida yarim finalga chiqqan 6 nafar o‘zbekistonlik bokschidan 4 nafari finalga yo‘l oldi, yana ikki nafari bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida o‘tayotgan boks bo‘yicha Osiyo chempionatida yarim final bahslarida ringga ko‘tarilgan 6 nafar o‘zbekistonlik sportchining 4 nafari g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Yarim finalda -75 kg vaznda Javohir Abdurahimov hindistonlik Akashni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. -85 kg da Jasurbek Yo‘ldoshev Hindiston vakili Lokeshdan 5:0 hisobida ustun keldi. -80 kg da Fazliddin Erkinboyevning raqibi — Koreya Respublikasi vakili Minseong Kim — ringga chiqmadi. -90 kg da esa Halimjon Mamasoliyev qozog‘istonlik Sagindik Togambayni 4:1 hisobida yengdi.
Shu bilan birga, ikki nafar o‘zbekistonlik bokschi musobaqani bronza medali bilan yakunladi. -57 kg vaznda Nigina O‘ktamova hindistonlik Jasminga 2:3 hisobida imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, -60 kgda Abdurahmon Mahmudjonov qozog‘istonlik Orazbek Assilkulovga 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Reglamentga ko‘ra, 8-aprel kuni dam olish kuni hisoblanadi. 9–10 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan final janglarida jami 7 nafar o‘zbekistonlik bokschi ringga ko‘tariladi.
Ular safida avvalroq finalga chiqqan Abdulloh Madaminov, shuningdek, -75 kg vaznda Aziza Zokirova va -80 kgda Ruxshona Parpiyeva ham bor.
Osiyo chempionatining ilk kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston bokschilari ringga chiqadi