TOShKENT, 6 apr — Sputnik. O‘zbekistonda maxsus texnik vazifalarni bajarishga ixtisoslashgan AVION aviakompaniyasi tashkil etildi.
U "O‘zaeronavigatsiya" markazi tomonidan yo‘lga qo‘yildi. Markaz havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olib, yangi faoliyat yo‘nalishini ochdi.
Yangi aviakompaniya aerodromlarning radiotexnika vositalari va yorug‘lik-signal uskunalarini tekshirish hamda kalibrovka qilishga ixtisoslashgan.
Loyihaning asosini aeronavigatsiya tizimlarining ICAO talab va standartlariga muvofiqligini baholash uchun mo‘ljallangan zamonaviy samolyot-laboratoriya tashkil etadi.
Transport vazirligiga ko‘ra, bunday ichki provayderning ishga tushirilishi asosiy tekshiruvlarni o‘z resurslari hisobidan tezroq va aniqroq bajarish, shuningdek, mustaqil nazoratni kuchaytirish imkonini beradi. Bu esa parvozlar xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega.
Eslatib o‘tamiz, "O‘zaeronavigatsiya" samolyot-laboratoriyasi 2025-yil avgust oyida Toshkent aerodromi ustida navigatsiya va qo‘nish tizimlarini rejali tekshirish ishlarini ham olib borgan edi. Yangi bosqich esa bu xizmatlarni alohida ixtisoslashgan aviakompaniya formatida yo‘lga qo‘yishni anglatadi.