Slovakiya va Vengriya rahbarlari YeIni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi

Slovakiya va Vengriya rahbarlari Brusselni sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirmoqda. Gretsiyaning sobiq moliya vaziri esa bu cheklovlarni “Yevropa uchun fojia” deb baholadi.
Sputnik
Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Yevropa Ittifoqini Rossiya bilan muloqotni qayta tiklashga va Rossiya nefti hamda gaziga nisbatan cheklovlardan voz kechishga chaqirdi. Uning fikricha, YeI mafkuraviy yondashuv tufayli o‘zini energiya ta’minoti xavfi ostiga qo‘ymoqda.
Avvalroq Fitso o‘z bayonotida Yevropa Rossiya neftidan voz kechish orqali “bo‘sh yoqilg‘i quyish shoxobchalari” bilan qolish xavfiga duch kelishi mumkinligini ta’kidladi.
“Yevropa Ittifoqi yetishmayotgan neft va gaz zaxiralarini to‘ldirishi va ushbu strategik xomashoni barcha mumkin bo‘lgan manbalar va yo‘nalishlardan, shu jumladan Rossiyadan yetkazib berishga imkon beradigan siyosiy va huquqiy muhitni ta’minlashi kerak edi”, — deb yozdi Fitso ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Uning aytishicha, Rossiyadan neft va gaz importini cheklovchi “bema’ni sanksiyalar” bekor qilinishi lozim.
Orban: Yevropa jiddiy energiya inqiroziga yaqinlashmoqda
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban ham Fitso bilan bir xil pozitsiyani bildirdi. U Robert Fitso bilan Yevropa energetikasidagi vaziyatni muhokama qilganini va Brusselni Rossiya energiya tashuvchilariga qarshi cheklovlarni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga chaqirganini ma’lum qildi.
“Yevropadagi vaziyat keskin. Jiddiy energiya inqirozi yaqinlashmoqda va uning tezligi kun sayin oshib bormoqda. Yevropa iqtisodiyotiga energiya tanqisligi va buning natijasida narxlarning oshishi tahdid solmoqda”, — dedi Orban videomurojaatida.
Uning ta’kidlashicha, xavfning oldini olish uchun Yevropa neft va gaz zaxiralarini “barcha mumkin bo‘lgan manbalardan va imkoni boricha tez” to‘ldirishi kerak.
“Har bir kunning ahamiyati bor. Shuning uchun biz Brusseldan Rossiya energetikasiga nisbatan sanksiya va cheklovlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilamiz”, — dedi Orban.
U, shuningdek, Rossiya energiya manbalaridan butunlay voz kechishga qaratilgan rejalarni ham tanqid qildi.
Varufakis: sanksiyalar yevropaliklar uchun fojiaga aylandi
Gretsiyaning sobiq moliya vaziri Yanis Varufakis ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar Yevropa uchun kutilgan natijani bermaganini aytdi.
“Bu yevropaliklar uchun fojia. Ular sanksiyalar orqali Rossiya iqtisodiyotini izdan chiqara olamiz, deb o‘ylashgan edi, ammo natija teskari bo‘ldi”, — dedi u T-Bankning TOLK-2026 forumida RIA Novosti muxbirining savoliga javoban.
Varufakisning fikricha, Moskva sanksiyalar bosimini o‘z foydasiga burib, ayrim strategik maqsadlariga erishgan.
Yaponiya Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni qayta ko‘rib chiqishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi
Yaponiyaning Kyodo agentligi manbalariga tayanib xabar berishicha, Tokio Ukrainadagi mojaro tugaganidan keyin yapon kompaniyalarining Rossiyadagi faoliyatini qayta tiklash imkoniyatini o‘rganmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, may oyida Rossiyaga iqtisodiy delegatsiya yuborish varianti ko‘rib chiqilgan. Delegatsiya tarkibiga Mitsubishi Corporation, Mitsui & Co. va Mitsui O.S.K. Lines kabi yirik kompaniyalar taklif etilgani aytilgan.
Shu bilan birga, agentlik Rossiya neftini xarid qilish masalasi ham muhokama qilinishi mumkinligini istisno etmagan.
Biroq keyinroq Yaponiya hukumati bosh kotibi Minoru Kixara bu xabarlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tokio Rossiyaga qarshi sanksiyalar siyosatini o‘zgartirmagan va Rossiyada faoliyat yuritayotgan yapon kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
Sanksiyalar yumshamoqda: ekspertlar AQSh-Eron mojarosidan Rossiya eng ko‘p foyda ko‘rishini aytdi