Javohir Sindarov FIDE Nomzodlar turnirida Nakamurani mag‘lub etdi

Kiprda Javohir Sindarov dunyo gigantlarini birin-ketin taslim etmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 4 apr — Sputnik. Kiprda bo‘lib o‘tayotgan, jahon toji uchun o‘ynash imkonini beruvchi FIDE Nomzodlar turnirida Javohir Sindarov g‘alabalar seriyasini davom ettirmoqda.
Kecha u dunyoning 2-raqamli (o‘yindan keyin 3-o‘ringa tushdi) shaxmatchisi, shaxmat olamida Magnus Karlsendan keyin eng ko‘p tilga olinadigan AQShlik Hikaru Nakamura ustidan qora donalarda g‘alabaga erishdi.
Javohir Sindarov
Sindarov 5 turda 4 ta g‘alaba qayd etib, Nomzodlar turnirida eng yaqin ta’qibchisi Fabiano Karuanadan 1 ochkoga ilgarilab ketdi. Turnir boshlanishidan avval asosiy favorit deya e’tirof etilgan barcha shaxmatchilar (Karuana, Praggnanandhaa, Nakamura) 5-tur yakunidayoq Javohirga mag‘lub bo‘lishga ulgurdi.
Shuningdek, u ketma-ket 3 ta turda "Turning eng yaxshi o‘yinchisi" deb topildi. Musobaqa boshida dunyo reytingida 20-o‘rinda bo‘lgan Sindarov 4 ta g‘alabadan keyin 5-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa tarixda ilk bor dunyoning TOP-5 taligida ikki o‘zbek shaxmatchisi bo‘lishini anglatadi.
Yana bir qiziqarli fakt: turnir boshida Javohirning g‘alaba qozonish ehtimoli 15% bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 70% ga yetdi.