Bank mobil ilovasidan foydalanishda muhim o‘zgarish kuchga kiradi

Yangi tartib 2026-yilning 22-aprelidan kuchga kiradi.
Sputnik
TOShKENT, 3 apr — Sputnik. 22 apreldan boshlab bank mobil ilovalaridan foydalanishda muhim o‘zgarish kuchga kiradi. Bu haqda Markaziy bank qarorida aytib o‘tilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, 22-apreldan boshlab mobil ilovalardan foydalanuvchining telefon raqami jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga (JShShIR) mos bo‘lishi shart bo‘ladi.
Agar bunday moslik aniqlanmasa, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazishga va (yoki) bank kartasini biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu haqda foydalanuvchiga SMS-xabarnoma orqali ma’lum qilinadi.
Ya’ni, hozirgi kunda mobil ilovalar yoki bank kartalariga biriktirilgan telefon raqami o‘zingizga tegishli bo‘lmasa, belgilangan muddatdan keyin ushbu raqam orqali ilovadan foydalanish imkoni cheklanadi.
Shu sababli, agar ilovada ishlatayotgan raqamingiz o‘z nomingizda bo‘lmasa, uni hozirdan o‘zingizga rasmiylashtirib olish yoki ilova va bank kartalarini o‘z nomingizdagi raqamga qayta biriktirish maqsadga muvofiq.