O‘zbekiston va Qozog‘istonda suratga olingan “Amir Temur” filmi Rossiya prokatiga chiqmoqda

Filmda Amir Temur rafiqasi obrazini Yulduz Radjabova ijro etgan.
Sputnik
TOShKENT, 2 apr — Sputnik. Sarkarda Amir Temur haqidagi “Amir Temur” tarixiy filmi 2-apreldan Rossiya prokatiga chiqadi. Bunday darajadagi o‘zbek kinosi 1991-yildan beri birinchi marta Rossiya prokatlariga chiqmoqda. Bu haqda RIA Novostiga kartinaning MDH mamlakatlaridagi distribyutori Eldor Yo‘ldoshev xabar berdi.
1 soat 47 daqiqa davom etadigan ushbu kartina Rossiyada “Temirlan”, xalqaro maydonda esa "Tamerlane: Rise of the Conqueror" nomi bilan taqdim etilmoqda.

"Davlat arbobi va sarkardaning 690-yilligiga bag‘ishlangan "Amir Temur" badiiy filmi 2-apreldan boshlab bir vaqtning o‘zida dunyo va Rossiyada namoyish etilmoqda. Prokat juda keng, Rossiyaning barcha 85 subyektida bo‘ladi", - dedi Yo‘ldoshev.

Uning aniqlik kiritishicha, rossiyalik tomoshabin uchun dublyaj “Mosfilm” kinokonsernida amalga oshirilgan. Ayni paytda ochiq xalqaro promo materiallarda filmning kinoteatrlardagi chiqish sanasi 10-aprel deb ko‘rsatilgan.

"MDHda birinchi marta filmni o‘tgan yilning sentabr oyida Qozon shahridagi "Oltin Minbar" kinofestivalida aynan Rossiyada taqdim etdim, o‘shanda bu rossiyalik prokatchilarda katta qiziqish uyg‘otdi, chunki o‘zbek filmlari Rossiya bozorida juda kam", - deya qo‘shimcha qildi u.

“Amir Temur” filmi ustida amerikalik rejissor Jeykob Shvars ishlagan. Amir Temur rolini daniyalik aktor Kristian Mortensen ijro etgan. Sarkardaning rafiqasi obrazini esa o‘zbek aktrisasi Yulduz Rajabova gavdalantirgan.
Kartinani suratga olish ishlari O‘zbekiston va Qozog‘istonda olib borilgan. Film XIV asr voqealari, jumladan, Mo‘g‘ullar imperiyasi parchalanishidan keyingi davrda Temurning yuksalishi haqida hikoya qiladi.
Yo‘ldoshevning aytishicha, film o‘tgan yil sentabr oyida Qozonda bo‘lib o‘tgan “Oltin Minbar” kinofestivalida ham taqdim etilgan va u yerda rossiyalik prokatchilarning qiziqishiga sabab bo‘lgan.
“Qo‘rqut ota” xalqaro kinofestivalida Yulduz Rajabova eng yaxshi aktrisa deb topildi