TOShKENT, 2 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyatda hozir 2 ta yirik neft-gaz kimyo korxonasi ishlamoqda, yana bittasi qurilmoqda. Shuningdek, umumiy quvvati 4,5 gigavatt bo‘lgan 10 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasi barpo etilmoqda.
2025 yilda Buxoro yalpi hududiy mahsuloti 7,2 foizga o‘sib, 86,6 trillion so‘mga yetgan. 2026-yilda uni 102,1 trillion so‘mga yetkazish, 9,1 foiz o‘sishga erishish, ishsizlik va kambag‘allikni 2 foizgacha qisqartirish, 381,5 ming aholini daromadli qilish vazifasi qo‘yildi.
Bu yil 3,3 milliard dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirish, 1,5 milliard dollarlik eksportni ta’minlash va umumiy qiymati 9,2 milliard dollar bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Sanoatda 61 ta yirik loyiha shakllantirilgan. Ular orasida Kogonda yiliga 80 mingta elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarish, Buxoro tumanida 220 million dollarlik piroliz loyihasi, Qorovulbozorda 100 ming tonna mineral o‘g‘it ishlab chiqarish va gipsokarton ishlab chiqarishni kengaytirish rejalari bor.
Qishloq xo‘jaligida 100 ming gektar yerni o‘zlashtirish, 3 million gektar yaylovdan samarali foydalanish, 59,2 ming gektarga ozuqabop ekin ekish, paxta hosildorligini 52, g‘allani 100 sentnerga yetkazish, 96,8 ming gektarda suv ta’minoti va meliorativ holatni yaxshilash vazifalari belgilandi. Chorvachilikda har bir tumanda mini-fermalar tashkil etish doirasida 110 ta loyiha amalga oshiriladi.
Xizmatlar va bandlik yo‘nalishida 49 ta loyiha, 33 ta savdo va servis ko‘chasi, 4 ta turizm mahallasi va 10 ta yo‘l bo‘yi loyihasi tashkil etiladi. 2026-yilda turistlar sonini 9 millionga yetkazish, 73 ta yangi joylashtirish vositasi va 15 ta turoperator hamda turagentni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 10 mingdan ortiq xonadonli uy-joy kompleksi qurish, 7 ta aylanma yo‘l barpo etish, yirik avtomagistrallarni rekonstruksiya qilish va A-380 yo‘li bo‘yida 30,8 gektar yer maydonini auksionga chiqarib, 403 ta servis loyihasini joylashtirish masalalari muhokama qilindi. Yo‘l, elektr, suv va sug‘orish tarmoqlarini yaxshilashga 593 milliard so‘m, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasiga esa 4,48 trillion so‘m yo‘naltiriladi.