TOShKENT, 1 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Tojikiston bojxona xizmatlari rahbariyati o‘rtasidagi uchrashuvda chegaradan yuk va transport o‘tkazishni yengillashtirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Tojikiston bojxona xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nodir Musamuhamedov Tojikiston bojxona xizmati rahbari Xurshed Karimzoda bilan yuklarni rasmiylashtirish jarayonini tezlashtirish, axborot almashinuvini kuchaytirish va chegaradagi tartib-taomillarni takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Tomonlar ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasida axborot almashinuviga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Muzokaralarda tranzit yuklari haqidagi ma’lumotlarni oldindan almashish, jismoniy shaxslar shaxsiy maqsadlarda olib o‘tadigan tovarlar bo‘yicha yondashuvlarni muvofiqlashtirish, shuningdek, chegara o‘tkazish punktlarida bojxona nazorati tartib-taomillarini takomillashtirish masalalari ham ko‘tarildi.