Rossiya va Belarus “Soyuzniy” telekanalini ishga tushirdi

U 1-apreldan efirga chiqdi, “BelRos” o‘rniga keldi va TV hamda internet platformalari orqali 24 soat namoyish etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Rossiya va Belarus yangi “Soyuzniy” (Ittifoq) telekanalini ishga tushirdi — u bugun, 1-apreldan efirga uzatila boshladi.
Yangi kanal “BelRos” telekanali o‘rniga keldi. U Rossiya va Belarusda 24/7 rejimida efir qiladi hamda kabel va sun’iy yo‘ldosh televideniyesi, OTT-platformalar, shuningdek, internet orqali tomoshabinlarga yetkaziladi. Kanal VK, VK Video, VK Clips, “Odnoklassniki”, MAX, Telegram va boshqa raqamli maydonchalarda ham mavjud bo‘ladi.
Media-kompaniyaning ta’kidlashicha, yangi loyihaning asosiy g‘oyasi — Ittifoq davlatini quruq siyosiy yoki institutsional loyiha sifatida emas, balki kundalik hayotning bir qismi sifatida ko‘rsatish. Shu bois tomoshabin efirdagi jarayonlarni chetdan kuzatuvchi emas, balki ishtirokchi sifatida his qilishi kutilmoqda.
“Soyuzniy” efiridan siyosat va iqtisoddan tortib, Ittifoq davlatida yashayotgan insonlar haqidagi hikoyalar, fan va texnologiyalar, sayohat, baliq ovi, taomlar, shuningdek, rus va belorus filmlari hamda seriallari o‘rin oladi. Bundan tashqari, efir tarmog‘iga yangiliklar, podkastlar va tahliliy ko‘rsatuvlar ham kiritilgan.

Ma’lumot uchun, “Soyuzniy” telekanali va uning shu nomdagi onlayn-resurslari “Soyuznaya gosudarstvennaya mediakompaniya” tarkibiga kiradi. Bu tuzilma Ittifoq davlati Oliy davlat kengashi va Vazirlar kengashining 2024-yilda qabul qilingan qarorlari asosida tashkil etilgan.

Media-kompaniyaning asosiy maqsadi — Rossiya va Belarus o‘rtasida umumiy axborot makonini shakllantirish, ikki mamlakat hayoti, integratsiya jarayonlari, umumiy tarix, madaniyat va texnologik yutuqlar haqida kontent ishlab chiqarish va tarqatishdan iborat.

Markaziy Osiyo davlatlari qo‘shma telekanal va media platforma yaratishni rejalashtirmoqda