Mirziyoyev Qozog‘iston TIV rahbari bilan nodir metallar, kosmos va turizmni muhokama qildi

Mirziyoyev Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev bilan uchrashuvda iqtisodiy loyihalar, nodir metallar, turizm va gumanitar hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi faol muloqot yuqori baholandi. Qo‘shma Hukumatlararo komissiya samarali ishlayotgani, tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘sib borayotgani qayd etildi.
Shuningdek, sanoat, energetika, transport, ekologiya va suv resurslaridan foydalanish sohalaridagi kooperatsiya kengayib borayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar iqtisodiy loyihalarni jadallashtirish, nodir metallar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sayyohlik oqimini oshirish, shuningdek, kosmos va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishlarida gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar kun tartibini puxta tayyorlash, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatga oid masalalar yuzasidan fikr almashish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston TIVlari 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan dastur imzoladi