Surxondaryo – Tatariston: hamkorlikning yangi qirralari

“Valday” xalqaro munozara klubining Rossiya-O‘zbekiston konferensiyasining ikkinchi ish kunida Tatariston va Surxondaryo hamkorligiga e’tibor qaratildi.
Sputnik
TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Tatariston nafaqat mahsulot yetkazib beruvchi, balki sanoat maydonlarini yaratish sohasida noyob boshqaruv ko‘nikmalarini eksport qiluvchisi sifatida ham ishtirok etmoqda, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Masalan, Yevropadagi sanoatning eng yaxshi drayverlaridan biri deb tan olingan “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasi Surxondaryodagi o‘zbekistonlik hamkasblariga o‘z tajribasini faol ravishda o‘rgatmoqda.
Rossiya bozorining yirik ishtirokchilari chuqur hamkorlikka tayyor ekanini bildirmoqda. Xususan, “Kamaz” OAJ Surxondaryo viloyati hududida texnika yetkazib berish hamda tegishli distribyutorlik va servis infratuzilmasini yaratish bo‘yicha takliflarga ochiqdir.
Tatariston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustem Gaynullovning so‘zlariga ko‘ra, bunday ishlab chiqarishlarni mahalliylashtirish hududni ish o‘rinlari bilan ta’minlaydi va O‘zbekiston ichida mijozlarga xizmat ko‘rsatishni tezlashtiradi.
Bundan tashqari, “Remdizel” OAJ ham fuqarolik texnikasini birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini tasdiqladi.
“Ximgrad” AJning xorijiy loyihalar rahbari Ruslan Sabirov kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish uchun mukammal muhit sifatida texnopolis modelini taqdim etdi.
“Ximgrad” o‘zining 20-yillik tajribasini O‘zbekistonda muvaffaqiyatli qo‘llab, sanoat parklarini rivojlantirishga qariyb 33 million dollar investitsiyalar kiritmoqda. Sobiq sanoat korxonalari (“O‘zQQChMK (O‘zKTJM) ” va “Jizzax plastmassa”) negizida zamonaviy texnoparklar faoliyat yuritmoqda. Ularning rezidentlari erkin iqtisodiy zona imtiyozlari va respublika hukumati darajasidagi qo‘llab-quvvatlashdan foydalanmoqda.
Sabirovning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi mahalliylashtirish – “keyingi eksport uchun yaxshi tramplin”. Bunga Chirchiqdan hatto Avstraliyaga ham mahsulot yetkazib berayotgan “Standartplast” rezidenti yaqqol misol bo‘la oladi.
Qishloq xo‘jaligi tovar aylanmasining asosi bo‘lib qolmoqda. Sut ishlab chiqarish bo‘yicha Rossiyada yetakchi bo‘lgan Tatariston Surxondaryoni o‘zining asosiy hamkori deb biladi.
Ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston sut, shakar va yog‘-moy mahsulotlari eksportini oshirishga tayyor. O‘z navbatida, Tatariston O‘zbekistondan sabzavot mahsulotlarini xarid qilishdan manfaatdor.
Ishtirokchilar joriy eksport hajmi (o‘tgan yil yakuniga ko‘ra 38,3 million dollar) umumiy salohiyatning atigi 7–8 foizini tashkil etishini ta’kidlashdi. Rossiya–O‘zbekiston munosabatlari doirasidagi hamkorlikdagi sa’y-harakatlar ushbu “katta zaxira”ni ishlayotgan zavodlarga, yangi ish o‘rinlariga aylantirish va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgandir.
Tatariston va Toshkent viloyati o‘rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi