Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni qonunga rioya etishga chaqirdi

Qo‘mitaga ko‘ra, murojaatlar o‘sishi iste’molchilar faolligi bilan birga, ayrim tadbirkorlar qonun talablariga to‘liq rioya qilmayotganini ham ko‘rsatdi.
Sputnik
TOShKENT, 31 mar — Sputnik. 2025 yilda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasiga oid murojaatlar soni 53,5 mingtaga yetib, 2024-yilga nisbatan deyarli ikki baravarga oshgan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, murojaatlar soni yil sayin oshib bormoqda. Xususan, 2023-yilda qariyb 19 ming, 2024-yilda esa 28 mingtadan ortiq murojaat kelib tushgan.
Qayd etilishicha, bu tendensiya bir tomondan iste’molchilarning o‘z huquqlarini himoya qilishdagi faolligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Boshqa tomondan esa, ayrim tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan tovar va xizmatlar amaldagi qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilmagan holda ko‘rsatilayotgani, shuningdek sohada muammolar saqlanib qolayotganidan dalolat beradi.
Qo‘mita mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi subyektlarni iste’molchilar huquqlariga hurmat bilan yondashishga, mahsulot va xizmatlar sifati, shuningdek, shaffof raqobat tamoyillariga qat’iy rioya etishga chaqirdi.
Raqobat qo‘mitasi: 22,1 mlrd so‘m uy xaridorlari foydasiga qayta hisoblandi