TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Yevroosiyoda yangi iqtisodiy, investitsiyaviy va xavfsizlik mexanizmlarini shakllantirishda YeOII va boshqa mintaqaviy tuzilmalar muhim o‘rin tutishi mumkin. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Galuzinning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlar ayniqsa Katta Yevroosiyo hududida yaqqol ko‘rinmoqda. Shu bois mintaqa davlatlari iqtisodiy hamkorlik, investitsiyalar va xavfsizlik sohasida muqobil mexanizmlarni rivojlantirishi zarur.
Galuzin bunday ish allaqachon turli integratsion formatlar doirasida olib borilayotganini aytib, ular qatorida MDH, YeOII, ShHT, ASEAN va Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashini sanab o‘tdi.
Uning ta’kidlashicha, Katta Yevroosiyo sherikligi davlatlar va integratsion tuzilmalar salohiyatini uyg‘unlashtirish, transport bog‘liqligini kuchaytirish, ishlab chiqarish zanjirlarini bog‘lash, moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish va savdo to‘siqlarini kamaytirishga qaratilgan.
Galuzinning aytishicha, bu jarayonga MDH, Rossiya va Belarus Ittifoq davlati, YeOII, KXShT va ShHT kabi tuzilmalar hissa qo‘sha oladi. U O‘zbekistonni Yevroosiyodagi integratsion jarayonlarning muhim ishtirokchisi deb atab, mamlakat MDH va ShHTda Rossiya bilan hamkorlik qilib kelayotgani, YeOIIda esa kuzatuvchi maqomiga ega ekanini ta’kidladi.