Tramp Venesuela ssenariysi bo‘yicha Eron neftini ham tortib olmoqchi

U, shuningdek, muzokaralar “juda yaxshi” ketayotganini bildirdi. Erondan 450 kilogramm uranni olib chiqish varianti ham muhokamada ekani ma’lum bo‘ldi
Sputnik
TOShKENT, 30 mar — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp Eron rahbariyati neft, muzokaralar va ehtimoliy harbiy qadamlar yuzasidan bir qator keskin bayonotlar qildi.
Xususan, Tramp Eron neftini tortib olishni xohlashini aytdi. U bu yondashuvni AQSh ma’lum vaqt Venesuela neft sohasini nazorat qilmoqchi bo‘lgan vaziyat bilan qiyosladi.

“Rostini aytsam, men eng ko‘p Eron neftini o‘z qo‘limga olishni xohlardim, lekin AQShdagi ba’zi ahmoq odamlar: “Nega bunday qilyapsan?” deyishadi. Ammo ular ahmoq odamlar”, — dedi Tramp intervyuda.

Shu bilan birga, u Eronning Xarg orolini nazoratga olish ehtimoli haqida ham to‘xtalib, Vashingtonda bunday variantlar ko‘pligini aytdi.
Ayni paytda Tramp Eron bilan muzokaralar “juda yaxshi ketayotganini” ta’kidladi. Uning aytishicha, Tehron Vashington taklif qilgan tinchlik rejasining katta qismiga rozi bo‘lgan, ammo AQSh yana bir necha qo‘shimcha talab qo‘ymoqchi.
Avvalroq AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Vashington Tehronga mojaroni tugatishga qaratilgan 15 banddan iborat reja taqdim etganini aytgan edi.
Tramp, shuningdek, AQSh Eronga qarshi operatsiya davomida 13 ming nishonga zarba berganini, yana 3 mingga yaqin nishon qolganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Vashington Eron flotini, harbiy-havo kuchlarini va raketalarining katta qismini yo‘q qilgan.
Bundan tashqari, u Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali 20 ta tanker o‘tishiga ruxsat berganini ma’lum qildi. Trampning aytishicha, bu qaror Eron parlamenti raisi Muhammadboqir Qolibof tomonidan ma’qullangan.

AQSh prezidenti, shuningdek, Erondagi yangi siyosiy guruh avvalgilariga qaraganda “oqilonaro” ko‘rinayotganini aytdi. U Eron oliy rahbarining o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy haqida ham gapirib, u “yo halok bo‘lgan, yoki juda og‘ir ahvolda” ekanini bildirdi.

Shu orada "Wall Street Journal" Amerika rasmiylariga tayanib, Tramp Eron hududidan taxminan 450 kilogramm uranni olib chiqish bo‘yicha harbiy operatsiya o‘tkazish imkoniyatini ham ko‘rib chiqayotganini yozdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, prezident hali yakuniy qaror qabul qilmagan, biroq bunday qadam Eronning yadro quroli yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadiga xizmat qilishi mumkin.
AQSh va Isroilning Eronga hujumi

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga zarba berishni boshladi. Zarbalar Eronning yadroviy dasturi borasida muzokaralar olib borilayotgan vaqtda amalga oshirildi.

AQSh va Isroil zarbalari oqibatida Eron Oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Undan tashqari, Minob shahrida qizlar boshlang‘ich maktabiga berilgan zarba oqibatida 171 nafar bola va 15 nafar o‘qituvchilar halok bo‘ldi.

Eron Isroil hududiga, shuningdek, Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga javob zarbalari berdi. Bir necha kun davomida BAA, Bahrayn, Ummon, Iroq, Saudiya Arabistoni, Qatar va boshqa qator davlatlardagi AQSh harbiy bazalari zarbaga uchradi.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi va kemalar faqat Eron bilan kelishilgan tartibda undan o‘tishi mumkinligini e’lon qildi. Buning ortidan jahon bozorlarida neft narxi oshishni boshladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron oliy rahbariga suiqasd barcha insoniy axloq normalari va xalqaro huquqni buzish ekanini ta’kidladi. Rossiya va Xitoy 1-mart kuni BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda majlisini chaqirdi.

Trampning maqsadi Venesuela yoki narkotik emas, maqsad neft — siyosatchi va ekspertlar fikri