O‘zbekiston velotrekchilari Osiyo chempionatida 1 ta oltin va yana 3 medal qo‘lga kiritdi

Filippindagi Osiyo chempionatida O‘zbekiston velotrekchilari yana 4 ta medal oldi. Oltinni Nafosat Koziyeva, kumush va bronzalarni esa yoshlar qo‘lga kiritdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Velotrek bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Filippinda o‘tayotgan Osiyo chempionatida yana 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Oltin medalni kattalar o‘rtasidagi ochkolar poygasida ishtirok etgan Nafosat Koziyeva jamoa hisobiga yozib qo‘ydi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasidagi medison dasturida Yekaterina Makarochkina va Nadejda Barteneyeva kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Bronza medallarni esa yoshlar o‘rtasidagi ochkolar poygasida Shoislom Shoakmalov hamda Gulhayo Sattorova qo‘lga kiritdi.
Bundan avval, 26-mart kuni musobaqaning "Elimination" poygasida Nikita Svetkov bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
25 mart kuni esa O‘zbekiston terma jamoasi yosh qizlar o‘rtasidagi jamoaviy ta’qib poygasida bronza medalga sazovor bo‘ldi. Ushbu natija orqali o‘zbekistonlik velosportchilar qit’a birinchiliklari tarixida ilk bor jamoaviy yo‘nalishda shohsupaga ko‘tarildi.
Sergey Rostovsev ASEAN Track Series musobaqasida ikki oltin medal qo‘lga kiritdi