Superliga va Proligada ishtirok etuvchi futbolchilar daromad solig‘idan ozod qilinadi

Superliga va Proliga klublariga soliq imtiyozlari berildi.
Sputnik
TOShKENT, 27 mar – Sputnik. O‘zbekistonda Superliga va Proligada ishtirok etuvchi futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi. Bu prezident imzolagan tegishli qarorda ko‘zda tutilgan.
2026 yil 1-apreldan 2029-yil 1-aprelga qadar bo‘lgan davrda Superliga va Proligada ishtirok etuvchi futbol klublari futbolchilari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi hamda ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi.
Shuningdek, qaror bilan Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi.
2026 yil 1-apreldan sport federatsiya (uyushma)si faoliyati bilan bog‘liq yillik barcha xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘i kiritgan tadbirkorni sport federatsiya (uyushma)larining ijro organlariga kiritish yo‘lga qo‘yiladi.
Qolaversa, professional futbol klublari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan yillik barcha xarajatlarning kamida 20 foizi miqdorida homiylik mablag‘i kiritgan tadbirkor yoki tadbirkorlar guruhiga professional futbol klubini ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi.
“Bir xizmat – bir to‘lov”: san’atkorlar uchun yangi soliq tartibi joriy etilishi mumkin