O‘zbekiston BMTning qullar savdosiga qarshi tarixiy rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi

Bu qadam jabrlanganlar avlodlari uchun tarixiy e’tirof, tiklanish va adolatni ta’minlash yo‘lida muhim bosqich bo‘lishiga umid qilinmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 27 mar – Sputnik. BMT Bosh Assambleyasi transatlantik qullar savdosini “insoniyatga qarshi eng og‘ir jinoyat” deb e’lon qiluvchi tarixiy rezolyutsiyani qabul qildi.
Hujjatni 123 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston qo‘llab-quvvatladi. Rezolyutsiya tashabbuskori Gana bo‘lgan. Hujjatga AQSh, Isroil va Argentina qarshi ovoz bergan, yana 52 ta davlat, jumladan, Buyuk Britaniya va YeI mamlakatlari betaraf qolgan.
Hujjat mualliflari bu qadam jabrlanganlar avlodlari uchun tarixiy e’tirof, tiklanish va adolatni ta’minlash yo‘lida muhim bosqich bo‘lishiga umid qilmoqda.
Qabul qilingan hujjat transatlantik qullar savdosini “insoniyatga qarshi eng insoniy bo‘lmagan va davomli adolatsizlik” sifatida qat’iy qoralaydi. Rezolyutsiyaning asosiy bandlariga ko‘ra, a’zo davlatlarni tarixiy xatolarni tuzatish vositasi sifatida reparatsiyalar (davlatning boshqa davlatga yetkazgan zararini pul bilan yoki boshkacha shaklda qoplashi) bo‘yicha muloqot boshlashga chaqiradi. Bu jarayon rasmiy uzr so‘rash, kompensatsiya to‘lash, reabilitatsiya va qayta takrorlanmaslik kafolatlarini o‘z ichiga olishi kerak.
Shuningdek, san’at asarlari, yodgorliklar, muzey eksponatlari va milliy arxivlarni o‘z vataniga bepul va tezkorlik bilan qaytarish talab etiladi. Shuningdek, irqchilik va tizimli diskriminatsiyani yo‘qotish uchun qonunchilik va ijtimoiy dasturlarga o‘zgartirishlar kiritish so‘raladi.
Gana prezidenti Jon Maxama bu hujjatni "unutilmaslik kafolati" va millionlab odamlar azobini tan olish sifatida baholadi.
Uning ta’kidlashicha, 15-asrdan 19-asrgacha bo‘lgan davrda kamida 12,5 million afrikalik o‘g‘irlab ketilgan va ularning azob-uqubatlari bugungi kundagi ijtimoiy va iqtisodiy tengsizliklarning ildizi hisoblanadi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham quldorlik tizimi shunchaki tarixiy jinoyat emas, balki adolatsiz dunyo iqtisodiy tizimining poydevori bo‘lganini qayd etdi.
Ayrim davlatlar hujjatdagi ba’zi ta’riflarga qarshi chiqqan. AQSh va Buyuk Britaniya vakillari ayrim tarixiy fojialarni boshqalaridan ustun qo‘yish mumkin emasligini ta’kidlab, reparatsiyalar uchun huquqiy asoslarni shubha ostiga olgan. AQSh tomoni o‘tmishda qonunga zid hisoblanmagan voqealar uchun kompensatsiya to‘lash bo‘yicha huquqiy majburiyatlarni tan olmasligini bildirgan.
Shuningdek, rezolyutsiyada koloniya davrida olib ketilgan madaniy boyliklarni qaytarish masalasi ham ko‘tarilgan. Gana va boshqa Afrika davlatlari bunday artefaktlarni o‘z mamlakatlariga qaytarishni talab qilmoqda. Bu masala, reparatsiyalar kabi, yaqin yillarda xalqaro darajada faol muhokama qilinishi kutilmoqda.
BMT Rossiyaning natsizmni ulug‘lashga qarshi taklif etgan rezolyutsiyasini qabul qildi