TOShKENT, 27 mar – Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo mamlakatlar Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishida 8 ta hujjatni tasdiqladi.
Xususan, imzolangan hujjatlar orasida Yevroosiyo texnologik platformalarining shakllanishi va faoliyati to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi hamda sanoat tarmoqlarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini tanlash to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirishlar kiritish va ularni YeOIIga a’zo davlatlar tomonidan amalga oshirishda moliyaviy ko‘maklashish to‘g‘risidagi qaror bor.
Bundan tashqari, "YeOIIga a’zo davlatlardagi makroiqtisodiy vaziyat va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha takliflar to‘g‘risida" va "YeOIIga a’zo davlatlarning 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi birgalikdagi harakatlari dasturi to‘g‘risida"gi farmoyishlar tasdiqlandi.
Shuningdek, Yevroosiyo hukumatlararo kengashining navbatdagi majlisini o‘tkazish vaqti va joyi to‘g‘risida farmoyish imzolandi.
Qozog‘istonning Chimkent shahrida Yevroosiyo hukumatlararo yig‘ilishi kengaytirilgan tarkibda bo‘lib o‘tdi. Unda tashkilot huzurida kuzatuvchi davlat sifatida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi.
YeOII
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashma. Ittifoqqa hozir Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Moldova, Kuba, Eron ham kuzatuvchi maqomiga ega.