TOShKENT, 27 mar – Sputnik. O‘zbekistonda er-xotinlar uchun yarashish muddatini hozirgi olti oy muddatdan bir yilgacha uzaytirish taklif qilinmoqda. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bu o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.
Hujjat bilan Oila kodeksining 40-moddasiga o‘zgartirish kiritish va "olti oygacha" degan joyini "bir yilgacha" degan so‘z bilan almashtirish taklif qilingan.
Ajrimdan keyin voyaga yetmagan bolalarning qaysi ota-ona bilan yashashi va boshqa ota-onaning ular bilan muloqot tartibini aniq belgilash ham ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, nikohdan o‘tganiga bir yil to‘lmagan oilalarga ajrimni cheklash taklif qilinmoqda. Oilaviy zo‘ravonlik holatlari bundan mustasno bo‘ladi.
Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda 37,5 mingtadan ortiq oila sud orqali ajrashgan.