Naqdsiz to‘lov, ipoteka va jarima ballari: O‘zbekistonda 1-apreldan nimalar o‘zgaradi

1 apreldan O‘zbekistonda ayrim to‘lovlar naqdsiz shaklga o‘tadi, ipoteka shartlari o‘zgaradi, jarima ballari tizimi joriy etiladi, davlat tibbiyot muassasalari esa besh kunlik ish haftasiga o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 26 mar – Sputnik. 2026 yil 1-apreldan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator yangi tartiblar kuchga kiradi. Quyida asosiy o‘zgarishlar keltirilgan.
Ayrim to‘lovlar faqat naqdsiz shaklda amalga oshiriladi. Bular qatoriga ko‘chmas mulk va ayrim transport vositalari oldi-sotdisi, davlat xizmatlari, elektr, gaz va suv uchun to‘lovlar, alkogol va tamaki mahsulotlari xaridi, AYoQSh va "elektrozapravka" xizmatlari, shuningdek, qiymati 25 million so‘mdan yuqori tovar va xizmatlar kiradi.
Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanadi.
Ipoteka olish shartlari ham o‘zgaradi. Budjet resurslari hisobidan ipoteka kreditlari rasmiy daromadga ega fuqarolarga, shuningdek oxirgi bir yil ichida ixtiyoriy ijtimoiy soliqni to‘liq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ham ajratiladi.
Davlat tibbiyot muassasalari besh kunlik ish haftasiga o‘tadi. Bunda muassasalar faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash tartibi saqlanadi.
Himoya orderi berilgan ayollarning telefoniga ularning roziligi bilan tazyiq va zo‘ravonlik haqida zudlik bilan xabar berish imkonini beruvchi my.ihma.uz ilovasi o‘rnatiladi.
Aholi mahalladagi daraxtlar o‘sib turgan, o‘rmon fondiga kirmaydigan yer maydonlarini boshqa maqsadga ajratish yoki olib qo‘yishga qarshi tashabbus ko‘rsatish mexanizmi ishga tushadi. Buning uchun hudud aholisining kamida 10 foizi rozilik bildirishi kerak.
Kiberxavfsizlik sohasida: davlat organlari va tashkilotlarida kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun budjetdan tashqari jamg‘armalar hamda budjet doirasidagi zarur mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Yer va mol-mulk solig‘idan 1 million so‘mdan ortiq qarzi bor fuqarolar uchun elektr to‘loviga cheklov qo‘yish mexanizmi 16-apreldan Namangan viloyatida eksperiment tarzida ishga tushiriladi.
Birinchi yanvardan nimalar o‘zgarmoqda