TOShKENT, 26 mar – Sputnik. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Water Week – 2026 xalqaro suv haftaligi doirasida Toshkent suv xavfsizligi forumi o‘tkazildi. Bu haqda Sputnik muxbiri xabar berdi.
Forum doirasida Markaziy Osiyoda suv xavfsizligiga bag‘ishlangan “Bilimdan amaliyotga: Markaziy Osiyoda suv xavfsizligini yaxshilash uchun fan va siyosat muloqotini kuchaytirish” mavzusida sessiyalar tashkil etildi.
Mejdunarodniy forum: Tashkent Water Week 2026
© Sputnik / Ilsiya Gilmanshina
Unda o‘zbekistonlik va xalqaro ekspertlar suv xavfsizligini ta’minlashda ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga keng joriy etish, qarorlarni ilmiy asoslar bilan mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, suv resurslarini boshqarish, suv-energetika bog‘liqligi, iqlim o‘zgarishining suv tizimlariga ta’siri va innovatsion yondashuvlar masalalari muhokama qilindi.
Sessiyalar yakunlariga ko‘ra, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.