TOShKENT, 25 mar – Sputnik. Ukrainaning yetakchi o‘smir tennischilaridan biri Nikita Belozersev sport fuqaroligini o‘zgartirdi va endi O‘zbekiston bayrog‘i ostida musobaqalarda qatnashadi. Bu haqda Sport-express.ru nashri xabar berdi.
Hozir uning Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) profilida mamlakat sifatida O‘zbekiston ko‘rsatilgan. 17 yoshli tennischi ayni paytda ITF yoshlar reytingida 14-o‘rinni egallab turibdi, yanvar oyida esa kuchli o‘nlikdan joy olgan edi.
Ukraina OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil yozida Belozersev Uimbldondagi matchdan keyin ukrain tilida intervyu berishdan bosh tortgan va faqat ingliz yoki rus tilida muloqot qilishini bildirgan. Shundan so‘ng bu holat Ukrainada keskin tanqidga sabab bo‘ldi va uning kelajakda boshqa bayroq ostida o‘ynashi haqida taxminlar kuchaydi.
Belozersev o‘smirlar tennisidagi eng istiqbolli o‘yinchilardan biri sanaladi. ITF uni 2026-yilda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan 10 yosh tennischi qatoriga kiritgan. Federatsiya ma’lumotiga ko‘ra, u 2025-yilda uchta unvonni qo‘lga kiritgan.
Uning so‘nggi e’tiborli natijalari qatorida kattalar o‘rtasidagi ITF turnirlaridagi dastlabki muvaffaqiyatlari ham bor.
Sport-express.ru yozishicha, Belozersev qaror qabul qilishida 2024-yil boshida o‘smirlar o‘rtasidagi Avstraliya Ochiq chempionatida rossiyalik Vlada Minchevaning qo‘lini siqqani uchun Ukrainada tanqid va bosimga duch kelgan vatandoshi Yelizaveta Kotlyar tarixi ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Kotlyar keyinchalik Fransiyaga ko‘chib o‘tgan va u yerda sport vakilligini o‘zgartirish jarayonini boshlagani haqida xabarlar chiqqan.
Nashrning ta’kidlashicha, sportchilarning boshqa terma jamoalarga o‘tishi hozir Ukrainada og‘riqli qabul qilinmoqda, biroq bu jarayon to‘xtagani yo‘q. Sport-express.ru e’tibor qaratgan so‘nggi misollar qatorida gimnastikachi Ilya Kovtunning Xorvatiyaga, dzudochi Yelizaveta Litvinenkoning BAA bayrog‘i ostiga va suvga sakrovchi Sofiya Liskunning Rossiyaga o‘tishi tilga olingan.
O‘zbekiston so‘nggi bir yarim yil ichida chet ellik tennischilarni o‘z bayrog‘i ostiga faol jalb qilmoqda. Mamlakat nomidan allaqachon Mariya Timofeyeva, Kamilla Rahimova, Polina Kudermetova va 15 yoshli Aleksandra Barmicheva qatnashmoqda. Bundan tashqari, Litvadan 18 yoshli Layma Vladson ham istiqbolli tennischi sifatida tilga olingan.