TOShKENT, 25 mar – Sputnik. MAGATE bosh direktori Rafael Grossi Italiyaning "Corriere della Sera" nashriga bergan intervyusida AQSh va Eron o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralar dam olish kunlari bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytdi.
Shu bilan birga, Amerika tomonidan Tehronga vositachilar orqali 15 bandli tinchlik yoki o‘t ochishni to‘xtatish rejasi yetkazilgani haqida bir nechta g‘arb nashrlari xabar qildi.
Biroq Tehron bu xabarlarni ochiq rad etmoqda. Eron TIV rasmiy vakili Ismoil Bagayi AQSh bilan hech qanday to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘lmaganini, urush boshlanganidan beri ham bunday muloqot o‘tmaganini bildirdi.
Eron parlamenti raisi Muhammadboqir Qolibof ham Vashington bilan muzokaralar haqidagi xabarlarni “feyk” deb atab, ular neft va moliya bozorlariga ta’sir qilish uchun tarqatilayotganini aytdi.
“Hotam al-Anbiya” markaziy shtabi vakili Vashington “Eron xalqiga qarshi harakatlardan voz kechmaguncha” muzokaralar haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini bildirdi.
Eron rasmiylari AQSh bilan muzokaralarda vositachi davlatlarga o‘tmishdagi tajriba tufayli Vashingtonga ishonmasliklarini aytishgan, deb yozadi "Axios" portali manbalarga tayanib.
AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar ikki marta muvaffaqiyatsizlikka uchragan: iyun oyida Isroil prezident Donald Tramp ko‘magida rejalashtirilgan muzokaralar raundidan oldin Eronga hujum qilgan, fevral oyida esa AQSh va Isroil yadroviy masala bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishilgandan so‘ng operatsiyani boshlagan.
"Bizni yana ahmoq qilishlarini xohlamaymiz," - deya manbalarning so‘zlarini keltiradi portal. Ularning fikricha Trampning tinchlik muzokaralari haqidagi taklifi hiyla bo‘lishi mumkin.
"Axios"ning yozishicha, AQSh va Isroil Eron bilan mojaro yana ikki-uch hafta davom etishi mumkinligidan kelib chiqmoqda. Shu bilan birga, Vashington diplomatiya imkoniyatini ham, harbiy bosimni ham saqlab qolmoqda: Oq uy muloqotlarga urinishlar davom etayotganini bildirgan, ammo AQSh amaliyoti to‘xtatilmagan.