Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlar huquqlari ustidan nazorat kuchaytiriladi

Idoralararo uchrashuv yakunlariga ko‘ra, tomonlar mehnat migratsiyasi sohasida fuqarolar huquqlarini himoya qilish va monitoringni kuchaytirishga kelishib oldi.
Sputnik
TOShKENT, 25 mar – Sputnik. 24–25 mart kunlari O‘zbekiston Bosh prokuraturasida migratsiya sohasidagi vaziyatni o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston—Rossiya idoralararo ishchi guruhining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda ikki davlat vazirlik va idoralarining rasmiy delegatsiyalari ishtirok etdi, unga O‘zbekiston va Rossiya bosh prokurorlarining o‘rinbosarlari rahbarlik qildi.
Muloqot chog‘ida bugungi migratsiya holati, ushbu sohada birgalikda yechim talab qiladigan muammoli masalalar va qonun ustuvorligini ta’minlash choralari muhokama qilindi.
Shuningdek, har ikki davlat qonunchiligi doirasida chet el fuqarolarining huquqlarini himoya qilish, Rossiyada istiqomat qilayotgan fuqarolarning mehnat qonunchiligiga rioya etishi, migratsiya jarayonlari sharoitida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, shartnoma bazasini kengaytirish hamda axborot almashinuvini kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar migratsiya sohasida har ikki davlat manfaatlarini hisobga olgan holda kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya Bosh prokuraturalari mehnatga kelayotgan ikki davlat fuqarolarining huquqlari ustidan nazorat va monitoringni kuchaytirish majburiyatini oldi.
Mishustin Rossiya Davlat dumasiga hisobot taqdim etdi — migratsiya sohasidagi ma’lumotlar