TOShKENT, 25 mar – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda qurilayotgan zamonaviy futbol stadioni, favvora va “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, stadion poydevorini quyish ishlari 95 foizga bajarilgan. 2017-yilda O‘zbekistonda FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan 3 ta maydon bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning soni 10 tadan oshdi.
Shavkat Mirziyoyev oznakomilsya so stroitelstvom futbolnogo stadiona v Novom Tashkente
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
2024 yil 2-oktabrda FIFA Kengashi 2027-yilgi 20 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan. FIFA talabiga ko‘ra, final va yarim final bahslari 50 mingdan ortiq tomoshabinga mo‘ljallangan stadionda o‘tkazilishi kerak.
Shu maqsadda barpo etilayotgan stadion 55 ming o‘rinli, 6 qavatli va 100 million dollarlik loyiha hisoblanadi. Hududda yana 3 ta mashg‘ulot maydoni, metro bekati va 5,5 ming o‘rinli avtoturargoh qurilishi rejalashtirilgan.
Prezident 8 gektar hududda quriladigan favvora majmuasi loyihasi bilan ham tanishdi. Loyihaga ko‘ra, umumiy suv yuzasi 6,3 gektar bo‘lgan havzada 1,5 gektar maydonda suv, musiqa va yorug‘lik shoulari uchun favvora barpo etiladi.
Prezident Uzbekistana oznakomilsya s proyektom muzikalnogo fontana v Novom Tashkente
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Majmua quyidagi imkoniyatlarni qamrab oladi: suvni 232 metr balandlikkacha ota oladigan super favvora, diametri 100 metrli suzuvchi platforma, 185 metr radiusda 360 darajali suv ekrani va unda turli tasvirlarni proyeksiya qilish tizimi.
Shuningdek, loyihada yuqori quvvatli lazer nurlari, dinamik suv kompozitsiyalari va turli vizual effektlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Barcha texnik tizimlar yer ostidagi ikki qavatli inshootga joylashtiriladi.
Atrofda yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi. Majmua madaniy tadbirlar, bayram va festivallar uchun zamonaviy maskan bo‘lishi kutilmoqda. Davlat rahbari ayni hududda joriy yilgi Mustaqillik bayrami shou tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish zarurligini ta’kidladi.
Prezidentga “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi ham taqdim etildi. Yangi Toshkent shahri qurilishining birinchi bosqichida 6 ming gektarda ishlar amalga oshirilib, yakunda 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha to‘liq amalga oshgach, Yangi Toshkent 2 million aholi yashaydigan megapolisga aylanishi kutilmoqda.
Maydoni 32 gektar bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi shaharning muhim jamoat va madaniy makonlaridan biri bo‘ladi. Bu yerda Buyuk Ipak yo‘liga bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Taqdimotda O‘zbekiston mahallasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanishicha, har bir bino, ko‘cha va maydon orqali xalq tarixi, madaniyati va qadriyatlari aks ettirilishi kerak.
Shuningdek, xalqaro turizm salohiyatini oshirish maqsadida bir qator muzeylarni renovatsiya qilish rejalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida muzey tashkil etish, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini boyitish va Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy muzeyshunoslik hamda dizayn yechimlari asosida renovatsiya qilish takliflari taqdim etildi.
Loyihalar davlat rahbari tomonidan ma’qullandi va tegishli topshiriqlar berildi.