TOShKENT, 25 mar – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 26-27 mart kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar, shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
Muzokaralarda O‘zbekiston—Tojikiston do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqiladi.
Tomonlar siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va hududlararo hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi va transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, suv-energetika xavfsizligini ta’minlash, shuningdek madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratadi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar hamda ko‘p tomonlama formatlardagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashadi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha qator yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.