TOShKENT, 25 mar – Sputnik. O‘zbekistonda AESning kichik bloklarida birinchi betonni yozda quyish rejalashtirilmoqda. Bu haqda “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachov ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Lixachovning aytishicha, sanksiyalar bosimi loyihaga to‘sqinlik qilmaydi, uning barqarorligi esa mahalliy kompaniyalar jalbiga bog‘liq. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Rosatom” o‘zbekistonlik hamkorlarni nafaqat mahalliy maydonda, balki uchinchi mamlakatlardagi atom loyihalariga ham jalb etishga tayyor.
Shuningdek, Lixachov AES ishga tushgach, O‘zbekistonning energiya bilan ta’minlanishi taxminan 15 foizga oshishini bildirdi. U Rossiya uchun bunday loyihalar buyurtmalar va yangi ish o‘rinlarini ta’minlashini, qurilish bosqichida sarflangan har bir rubl bir yarim rublgacha, ekspluatatsiya bosqichida esa ikki rublgacha bo‘lib qaytishini aytdi.
“O‘zatom” direktori Azim Axmedxadjayevga ko‘ra, AES 95-98 foiz quvvat koeffitsiyenti bilan sutka davomida barqaror elektr energiyasi yetkazib beradi.
Taqqoslash uchun, gaz stansiyalarida bu ko‘rsatkich 55-60 foiz atrofida. Uning aytishicha, mamlakatda elektr energiyasiga ehtiyoj har yili 6-8 foizga o‘smoqda va yaqin kelajakda talab 100 mlrd kilovatt-soatga yetishi mumkin.
Axmedxadjayev, shuningdek, yosh mutaxassislar Bangladesh, Turkiya, Misr va Rossiyada tajriba orttirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihada Vengriyaning quruq gradirnyalari, xitoylik hamkorlar turbinalari va Framatome dasturiy mahsulotlaridan foydalanish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.
Axmedxadjayevning so‘zlariga ko‘ra, hozircha loyihada mahalliylashtirishning eng kamida 29–30 foiziga erishish, ya’ni qurilishda mahalliy korxonalar mahsulotlari, materiallar va xizmatlaridan keng foydalanish rejalashtirilmoqda.