TOShKENT, 24 mar – Sputnik. Ukraina Raqamli transformatsiya vazirligi Mudofaa vazirligi bilan birgalikda Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining qimor o‘yinlarida ishtirokini cheklaydigan mexanizmni tayyorlamoqda. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Harbiylarning qimor o‘yinlariga kirishini cheklaymiz. Buning uchun Mudofaa vazirligi bilan birgalikda harbiy holat davrida himoyachilarning qimor o‘yinlarida ishtirokini cheklaydigan mexanizmni ishlab chiqapmiz”, — deyiladi vazirlik e’lon qilgan xabarida.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, o‘yinga kirish vaqtida foydalanuvchi qimor o‘yinlariga kirishi cheklangan shaxslar reyestri hamda harbiy xizmatchilar reyestri orqali tekshiriladi. Agar cheklov tasdiqlansa, o‘yinga kirish bloklanadi.
Shu bilan birga, qimor o‘yinlari tashkilotchisi shaxsning harbiy maqomini ko‘rmaydi, tizim faqat cheklov mavjudligi haqida ma’lumot uzatadi.
Avvalroq Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenko* Ukraina Qurolli kuchlarining frontdagi o‘n nafar askaridan to‘qqiz nafari qimorga qaramlikdan aziyat chekishini, onlayn-kazinolarda maoshini yutqazib, keyin qarzga botishini aytgan edi. Shundan so‘ng Vladimir Zelenskiy Ukrainada onlayn-kazinolar faoliyatini cheklash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.
*Rossiyada terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritilgan, sirtdan sudlangan.