Yo‘l xaritasi AES qurilishi loyihasi bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning barcha asosiy yo‘nalishlarini, jumladan, kadrlar tayyorlash, aholini zamonaviy yadro texnologiyalari haqida xabardor qilish va stansiya qoshida kelajakdagi "atomchilar" shaharchasini barpo etish masalalarini qamrab olgan.
"Yo‘l xaritasi va noyob integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolanishi, shuningdek, maydonchada boshlangan beton ishlari O‘zbekistonning jahon atom energetikasi avangardiga kirganini anglatadi. Mamlakat o‘nlab yillar davomida ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish va texnologik suverenitetni mustahkamlashga yordam beradigan noyob loyihani ishga tushirmoqda. "Rosatom" uchun O‘zbekistonda AES qurilishi yetakchilik pozitsiyasining yana bir isboti, dunyoda hech kim qila olmaydigan loyihalarni amalga oshirish imkoniyatidir", - dedi Aleksey Lixachov.
Ma’lumot uchun: 2024-yil 27-may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida Rossiya va O‘zbekiston davlat rahbarlari huzurida ikki davlat o‘rtasida O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma imzolandi, uning mohiyati O‘zbekistonda Rossiya loyihasi bo‘yicha kichik quvvatli atom elektr stansiyasini (KQAES) qurish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Shuningdek, tadbir doirasida "Atomstroyeksport" aksiyadorlik jamiyati ("Rosatom" davlat korporatsiyasining muhandislik bo‘limi) va O‘zbekiston Atom energiyasi agentligi huzuridagi "AES qurilishi direksiyasi" davlat korxonasi o‘rtasida O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi.