AES qurilishi boshlanishi, Ukraina va Eron mojarosi: Mirziyoyev va Putin nimani muhokama qildi

Suhbatda AES qurilishidagi yangi bosqich va OKMKdagi 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushgani qayd etilib, Yaqin Sharq hamda Ukraina atrofidagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.
Sputnik
TOShKENT, 24 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti chog‘ida bugun O‘zbekistonda Rossiya loyihasi asosidagi atom elektr stansiyasi qurilish maydonida beton ishlari boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kreml xabariga ko‘ra, 16-mart kuni Rossiyaning yetakchi mashinasozlik korxonalari uskunalari yetkazib bergan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgani ham mamnuniyat bilan tilga olindi.
Suhbat avvalida Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni va O‘zbekiston xalqini bahor bayrami — Navro‘z bilan samimiy tabrikladi.
Muloqotda atom energetikasi, sanoat ishlab chiqarishi va transport sohalaridagi yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar dolzarb xalqaro masalalar, jumladan Yaqin Sharqdagi mojaro va Ukraina atrofidagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashdi.
Shuningdek, Rossiya-O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Jizzaxda AES qurilishi doirasida beton ishlari boshlandi