Belarusning Gomel viloyati bilan go‘sht-sut va qishloq xo‘jaligi loyihalari muhokama qilindi

Tomonlar go‘sht-sut mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va yog‘ochsozlik sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni ishga tushirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Sputnik
TOShKENT, 24 mar – Sputnik. O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Belarusning Gomel viloyati delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Gomel viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Ivan Krupko bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar davomida tomonlar ustuvor yo‘nalishlar, jumladan, sanoat mashinasozligi, qishloq xo‘jaligi va zargarlik tarmog‘ida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Xususan, Gomel viloyati bilan yog‘ochsozlik, go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi texnikasi sohalarida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro savdo hajmining o‘sishi qayd etildi: 2025-yil yakunlariga ko‘ra Gomel viloyatining O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 50 million dollarni tashkil etdi, shu bilan birga joriy yilning yanvar oyida savdo aylanmasi 1,5 baravarga oshgani kuzatildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma "chora-tadbirlar rejasi"ni ishlab chiqish va qabul qilish, shuningdek, yangi tashabbuslarni batafsil ishlab chiqish uchun O‘zbekiston delegatsiyasining Belarusga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Unumdor yer va imtiyozlar: Belarus o‘zbekistonlik tadbirkorlarga nimalar taklif qildi