Abduqodir Husanov “Manchester Siti” bilan ilk sovrinini qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik futbolchi Husanov Angliya Liga kubogi finalida “Arsenal”ga qarshi o‘yinda to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi.
Sputnik
TOShKENT, 23 mar – Sputnik. “Manchester Siti” jamoasi Angliya Liga kubogi finalida “Arsenal”dan ustun keldi. Bu g‘alaba o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovga "shaharliklar" tarkibidagi ilk kubogini keltirdi.
Uchrashuv yakshanba kuni "Uembli" stadionida bo‘lib o‘tdi. “Arsenal”ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan “Manchester Siti” to‘qqizinchi bor Angliya Liga kubogi sohibi bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda boshlab, to‘liq 90 daqiqa maydonda harakat qildi. Futbolchi uchrashuvning 32-daqiqasida Viktor Dokereshga nisbatan qo‘pol harakat qilgani uchun hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.

Shuningdek, Husanov Angliya Liga Kubogini yutgan ilk o‘zbekistonlik futbolchiga ham aylandi. Mazkur sovrin sportchi uchun “Manchester Siti”dagi birinchi oltin medal hisoblanadi.

Husanov Angliyaning "Manchester Siti" jamoasiga 2025-yil yanvarida qo‘shilgan. Klub o‘zbekistonlik himoyachi bilan 2029-yilgacha shartnoma tuzgan. Kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Husanov faoliyatini O‘zbekistonning "Bunyodkor" klubi akademiyasida boshlagan, ammo murabbiylar uni asosiy jamoaga qabul qilmagan. 2022-yilda u Belarusning "Energetik-BGU" klubiga o‘tgan va u yerda asosiy tarkib futbolchisiga aylangan.
2023 yilda Husanov O‘zbekiston yoshlar jamoasi (U-20) bilan Osiyo kubogida g‘olib chiqqan. U dunyoning eng istiqbolli himoyachilari ro‘yxatiga kiritilgan. Keyinchalik u asosiy milliy jamoa a’zosiga aylandi.
O‘sha yili "Lans" Husanovni 100 ming yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib olgandi. Keyin futbolchi "Lans" tarixidagi eng qimmat transferga aylanib, APLga yo‘l oldi.
Mirziyoyev futbolchi Abduqodir Husanov bilan uchrashdi