TOShKENT, 19 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda tomonlar Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilib, uning yanada keskinlashishi keng mintaqa uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga va jahon iqtisodiyoti retsessiyasiga olib kelishi mumkinligini qayd etdilar.
Davlat rahbarlari vaziyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar orqali tez fursatda yumshatish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston–Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham muhokama qilishdi.