TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida hududda yirik livihalarni ishga tushirish va yangilarining qurilishini boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.
Davlat rahbari hududning zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, ilg‘or texnika va texnologiyalari bilan tanishdi.
Marosimda shahar va tumanlarda qariyb 7 milliard dollar investitsiya hisobidan 106 ta yangi loyiha ishga tushirish va qurilishga tayyor ekani haqida axborot berildi.
Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, Samarqand viloyatidagi yirik loyihalarni ishga tushirish va yangilarining qurilishini boshlab berdi. Jumladan, Rossiya, Avstriya, Xitoy, BAA, Turkiya va Hindiston bilan hamkorlikda 2,4 milliard dollarlik 53 ta loyiha ishga tushdi.
Shuningdek, Rossiya, Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, BAA, Turkiya va Eron bilan hamkorlikda 4,6 milliard dollarlik 53 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari boshlandi.
Ushbu loyihalar natijasida 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 13 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va 700 million dollarlik eksport salohiyatini ta’minlash imkoni paydo bo‘ladi.
Shu yerning o‘zida prezidentga Narpay tumanida suv resurslari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va rejalar ham taqdimot qilindi. Xususan, tumandagi 8 ta nasos stansiyasi davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berilgan.
O‘tgan davrda 21 ta nasos agregati 12,3 milliard so‘m investitsiya hisobidan yangilandi. Buning natijasida yillik energiya iste’moli 68,1 million kilovatt-soatdan 34,1 million kilovatt-soatgacha kamaytirildi.