TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2025-yil yakuniga ko‘ra qariyb 7 foiz o‘sdi. Bu rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun o‘rtacha ko‘rsatkich — 4,4 foizdan yuqori. Bu haqda Yevroosiyo taraqqiyot bankining (YeOTB) yangi makroiqtisodiy sharhida aytilgan.
Sharh Yevroosiyo mintaqasining boshqa davlatlarini ham qamrab olgan. Hisobotga ko‘ra, mintaqadagi o‘sishning asosiy omillari investitsiyaviy faollik va ichki talab bo‘ldi.
O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 2025-yilda investitsiyalar, xizmatlar, savdo va qurilish hisobiga 7,7 foizga tezlashdi. Bir yil oldin bu ko‘rsatkich 6,7 foiz edi. 2026-yil yanvar oyida ham sanoat va chakana savdo hisobiga yuqori faollik saqlanib qoldi.
Qozog‘istonda 2025-yilda iqtisodiyot so‘nggi 13-yildagi eng yuqori sur’at — 6,5 foiz o‘sishni ko‘rsatdi. Bunda sanoat asosiy omil bo‘ldi: qazib olish sohasi 9,4 foizga, qayta ishlash sanoati esa 6,4 foizga o‘sdi. 2026-yilda asosiy hissa xomashoga bog‘liq bo‘lmagan sektor hissasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
Qirg‘iziston uchinchi yil ketma-ket YaIM o‘sishi bo‘yicha mintaqada yetakchilikni saqlab qolmoqda. Kuchli iste’mol va investitsiya talabi hisobiga mamlakat YaIM 2025-yilda 11,1 foizga, 2026-yil yanvar oyida esa 9 foizga o‘sdi.
Tojikistonda 2025-yilda iqtisodiy o‘sish 8,4 foizni tashkil etdi. Bunga sanoat va ichki talab turtki berdi. 2026-yil boshida ham yuqori sur’at saqlandi — sanoat, savdo va investitsiyalar jadal o‘smoqda.
Rossiyada 2023–2024 yillardagi haddan tashqari qizishdan keyin iqtisodiy o‘sish 2025-yilda 1,0 foizgacha sekinlashdi. Investitsiya talabining susayishi fonida iqtisodiyotni sanoat, savdo va qurilish qo‘llab-quvvatlab turibdi.
Armanistonda 2025-yilda kuchli iste’mol talabi va investitsiyalar fonida moliya sektori, IT va qurilish hisobiga iqtisodiyot 7,2 foizga o‘sdi. 2026-yil yanvar oyida ham yuqori dinamika saqlanib, o‘sish 7,6 foizni tashkil qildi.
Belarusda esa 2025-yilda YaIM o‘sishi 1,3 foiz bo‘ldi. Bunga ichki talab, axborot texnologiyalari va transport sohasi yordam berdi, ammo tashqi talabning pasayishi ta’sir ko‘rsatdi. 2026-yil yanvar oyida iqtisodiyot sekinlashishda davom etib, YaIM 1,2 foizga kamaydi.
Mintaqada inflyatsiya hamon nisbatan yuqori darajada saqlanib qolmoqda. O‘zbekistonda inflyatsiya maqsadli ko‘rsatkichlar tomon barqaror sekinlashmoqda. Jahonda oziq-ovqat narxlarining o‘sishi Qirg‘izistonda inflyatsiyani jadallashtirdi. Qozog‘istonda esa nisbatan qat’iy pul-kredit siyosati inflyatsiyani pasaytirishga yordam berdi.
Pul-kredit siyosatiga kelsak, Tojikiston Milliy banki 2026-yil fevral oyida qayta moliyalash stavkasini 7,0 foizgacha pasaytirdi. Shu bilan birga, asosiy stavka Qozog‘istonda 18 foizgacha, Qirg‘izistonda 11 foizgacha, O‘zbekistonda esa 14 foizgacha oshirildi.