TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i — mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, armiya generali Valeriy Gerasimov “Janub” qo‘shinlar guruhi tomonidan jangovar vazifalar bajarilishini tekshirdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Gerasimov guruh qo‘mondoni va boshqa mansabdor shaxslarning ma’ruzalarini tingladi, shuningdek, “Janub” qo‘shinlar guruhining DXR hududlarini ozod qilishdagi muvaffaqiyatlarini qayd etib, ilg‘or harbiy xizmatchilarga davlat mukofotlarini topshirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum barcha yo‘nalishlarda davom etmoqda va mart oyining ikki haftasida 12 ta aholi punkti ozod qilingan.
Gerasimov bayonotiga ko‘ra, asosiy yo‘nalishlardagi vaziyat quyidagicha:
— “Janub” qo‘shinlar guruhi: o‘ng qanotda 3-armiya keng front bo‘ylab Slavansk tomon siljimoqda. Reznikovka, Golubovka va Kaleniki ozod qilingan, Krivoy Lukada janglar davom etmoqda.
— Konstantinovka yo‘nalishi: Ukraina Qurolli kuchlarining asosiy mustahkamlangan hududida tuzilmalarni yo‘q qilish davom etmoqda. Konstantinovkaning shimoli-sharqiy qismida ko‘cha janglari ketmoqda, aholi punkti hududining 60 foizdan ortig‘i nazorat ostiga olingan. Shu bilan birga, Ilinovkada ham hujum rivojlanmoqda.
— “Shimol” qo‘shinlari guruhi: mart oyida Bobilevka, Rogoznoe, Chervonaya Zarya, Malaya Bobilevka va Krugloe nazorat ostiga olingan.
— “G‘arb” qo‘shinlari guruhi: Novoosinovo yaqinidagi Oskol darosining sharqiy qirg‘og‘ida bloklangan Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalarining qoldiqlarini yo‘q qilish davom etmoqda. Aholi punkti hududining 85 foizdan ortig‘i nazoratga olingan.
— Qizil Liman yo‘nalishi: hujum bo‘linmalari Qizil Limanni ozod qilish uchun jang qilmoqda, shaharning yarmidan ko‘pi nazorat ostida. Shuningdek, mart oyida Drobishevo, Yarovaya va Sosnovaya ozod qilingan, Aleksandrovkani ozod qilish yakunlanmoqda.
— “Markaz” qo‘shinlari guruhi: qo‘shilmalar va harbiy qismlar Dobropol yo‘nalishida hujumni rivojlantirmoqda. Grishino va Yangi Donbassni ozod qilish yakunlanmoqda, Belitskoe uchun janglar davom etmoqda.
— “Sharq” qo‘shinlari guruhi: g‘arbiy yo‘nalishda faol harakat qilmoqda.
— “Dnepr” qo‘shinlari guruhi: Veselyanka ozod qilingan, Orexovda ko‘cha janglari davom etmoqda.