Pokiston zarbasi oqibatida Kobulda halok bo‘lganlar 400 nafarga yetdi: tomonlar bayonotlari

Afg‘oniston tomonining iddaosicha, Pokiston Kobuldagi giyohvandlikdan davolash markaziga zarba berib, 400 kishini o‘ldirgan. Islomobod esa harbiy nishonlar urilganini aytmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Pokistonning Afg‘oniston poytaxtiga uyushtirgan havo hujumlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 400 nafarga yetdi, yana 250 nafardan ortiq kishi yaralandi. Bu haqda TOLOnews Afg‘oniston oliy rahbari matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulla Fitratga tayanib xabar qildi.
Afg‘oniston oliy rahbari matbuot kotibi Zabiulla Mujohidning aytishicha, Pokiston poytaxtdagi reabilitatsiya markaziga zarba bergan, oqibatda tinch aholi halok bo‘lgan va jarohatlangan. U bu harakat javobsiz qolmasligini ta’kidladi.

Afg‘oniston IIV matbuot kotibi Abdul Matin Qani ham Kobul ushbu hujumni suverenitetning qo‘pol buzilishi va “vahshiylik harakati” deb baholayotganini, Pokistonga “tish sindirar” javob zarbasi berilishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Pokiston Afg‘onistonning Nangarhor viloyatiga ham havodan hujum qilganligi aytilmoqda. Hozircha mahalliy rasmiylar qurbonlar va zarar bo‘yicha alohida bayonot bergani yo‘q.
Pokiston Axborot vazirligi esa Kobuldagi narkomaniyaga qarshi reabilitatsiya markaziga zarba berilgani haqidagi bayonotni rad etdi. Vazirlikka ko‘ra, hujumlar aniq rejalashtirilgan bo‘lib, ular chegara ortidagi terrorchilik bilan bog‘liq nishonlarga qarshi qaratilgan.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi esa ushbu hujumni qoralab, uni “qo‘rqoq va insoniylikka xos bo‘lmagan” harakat deb atadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘oniston rasmiylari Pokiston harbiy-havo kuchlarining Afg‘oniston hududini bombardimon qilganiga javob sifatida Durand chizig‘i bo‘ylab pokistonlik harbiylarga qarshi operatsiya boshlanganini ma’lum qilgan edi.

O‘z navbatida, Pokiston tomoni ham o‘t ochganini tasdiqlab, keyinchalik Afg‘oniston bilan “ochiq urush” holati boshlanganini bildirgan.

Afg‘oniston–Pokiston mojarosi: maxsus operatsiyalar va “ochiq urush” bayonotlari