TOShKENT, 17 mar — Sputnik. YeOII va ASEAN mamlakatlari dengiz orqali yuk tashish sohasidagi hamkorlik, logistika va raqamli yechimlarni muhokama qildi. Bu haqda 16-mart kuni YeIK maydonida bo‘lib o‘tgan qo‘shma tarmoq seminarida ma’lum qilindi.
Seminarda ASEAN mamlakatlari va YeOIIga a’zo davlatlarda dengiz yuk tashuvlarini rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollari, sohada xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, dengiz transportini raqamlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Dengiz orqali yuk tashish xalqaro savdoda muhim o‘rin tutadi, bu sohadagi hamkorlik va tajriba almashish mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada mustahkamlashi mumkin”, — dedi YeIK energetika va infratuzilma vaziri Arzibek Kojoshev.
YeOII mamlakatlari vazirliklar vakillari ASEAN davlatlari bilan logistika xizmatlari, port infratuzilmasi va raqamli yo‘laklarni rivojlantirish bo‘yicha ma’lumot almashdi.
ASEAN mamlakatlaridagi hamkasblar kemachilikda muqobil yoqilg‘i turlari bilan ishlash xavfsizligi va dengiz transportida “yagona darcha”ni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Seminar ishtirokchilari hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
“ASEANning muvaffaqiyatli amaliyotlarini joriy etish YeOIIga Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi tranzit transport-iqtisodiy aloqalarda integratsiyasini mustahkamlash va iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkonini beradi”, — dedi YeIK Transport va infratuzilma departamenti direktori Rustan Djenalinov.
Tadbir yakunlari bo‘yicha YeOII va ASEAN o‘rtasidagi dengiz yuk tashuvlari sohasida samarali yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan xulosalar va tavsiyalar aks etgan hujjat tayyorlanadi.
ASEAN
ASEAN - Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi, iqtisodiy, siyosiy va amaliy hamkorlik bo‘yicha mintaqaviy birlashma. Hozirda unga 11 ta davlat kiradi: Bruney, Vyetnam, Indoneziya, Kambodja, Laos, Malayziya, Myanma, Singapur, Tailand, Filippin va Timor-Leste.
YeOII
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashma. Ittifoqqa hozir Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Moldova, Kuba, Eron ham kuzatuvchi maqomiga ega.