TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Belarus Respublikasi Vitebsk viloyatidagi yer uchastkalarini auksion asosida taqdim etish bo‘yicha tijorat takliflari yaqin vaqt ichida ishlab chiqilib, o‘zbekistonlik tadbirkorlarga taqdim etiladi.
Bu haqda 16-mart kuni Savdo-sanoat palatasi (SSP) raisi Davron Vaxabov va Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Sergey Lekovich o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn uchrashuvda ma’lum qilindi.
Qishloq xo‘jaligi salohiyati yuqori bo‘lgan Vitebsk viloyatining uchta tumanida don va yem-xashak ekinlari, kartoshka hamda raps yetishtirish rivojlangan. Shuningdek, hududda chorvachilik uchun mustahkam ozuqa bazasi mavjud.
Uchrashuvda viloyatning qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasidagi imkoniyatlari taqdim etildi. Tomonlar ushbu uchta tumanda o‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokida chorvachilik xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha amaliy choralarni ham belgilab oldi.
Xususan, tadbirkorlar faoliyatini tez va samarali yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha imtiyozlar va qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar yaqin kunlarda navbatdagi onlayn va oflayn muloqotlarni o‘tkazishga kelishib oldi.