TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekistonda yirik Coal-to-Olefins (CTO) loyihasini amalga oshirish va "Uzbekistan GTL" majmuasini yanada rivojlantirish doirasida Janubiy Afrikaning "Sasol Limited" kompaniyasi bilan texnologik hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Bu haqda Toshkentda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda "Sasol Limited" ijrochi vitse-prezidenti doktor Sarushen Pillay o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z yuritildi.
Muzokaralarda gaz-kimyo va ko‘mir-kimyo sanoatida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar ko‘mir va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash, shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdilar.
Shuningdek, "Sasol" kompaniyasining CTO loyihasida ishtiroki, "Uzbekistan GTL" majmuasida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va ilg‘or qayta ishlash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha imkoniyatlar muhokama qilindi. Suhbat joriy yil fevral oyida Keyptaunda boshlangan muloqotning davomi ekani ta’kidlandi.
"Sasol Limited" - 1950-yilda tashkil etilgan energetika va kimyo kompaniyasi. Kompaniyada qariyb 28,1 ming nafar xodim faoliyat yuritadi. Umumiy aktivlari taxminan 22 milliard dollar, 2024-yil yakunlari bo‘yicha daromadi 16,6 milliard dollarni tashkil etdi.
CTO (Coal-to-Olefins) — ko‘mirni chuqur qayta ishlash orqali olefinlar kabi kimyo sanoati uchun muhim xomashyo olishga qaratilgan texnologiya.
"Uzbekistan GTL" — Qashqadaryo viloyatida joylashgan, tabiiy gazni qayta ishlab sintetik suyuq yoqilg‘i va boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik sanoat majmuasi.