Gaz uchun 500 kub metrlik bazaviy meyor tugadi: 16-martdan to‘lovlar qanday hisoblanadi

Energetika vazirligi gaz iste’moli bo‘yicha qishki limit muddati tugaganini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 16 mar — Sputnik. Ob-havo isishi munosabati bilan tabiiy gaz uchun isitish mavsumida amal qilgan oylik 500 kub metrlik bazaviy meyor 15-martda tugadi.
Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, 16-martdan boshlab esa odatiy tartib qaytdi: aholi uchun har oyga 100 kub metrlik bazaviy meyor qo‘llanadi.
Ta’kidlanishicha, O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, 16–20 mart kunlari respublika hududlarida kunduzi havo harorati +22 darajagacha, kechasi esa +10 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan 16-martdan 1-noyabrgacha, Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda esa 1-oktabrgacha har oy uchun 100 kub metrgacha bazaviy meyor amal qiladi.
Mart oyi uchun muhim izoh:
1–15 mart kunlari uchun 500 kub metrlik qishki bazaviy meyorning yarmi — 250 kub metr;
16–31 mart kunlari uchun 100 kub metrlik odatiy bazaviy meyorning yarmi — 50 kub metr.
Demak, mart oyining ikkinchi yarmidagi shu 50 kub metr gaz uchun ham aholi bazaviy tarifda to‘laydi — 1 kub metr uchun 1000 so‘m. Agar shu hajm bazaviy meyordan tashqari hisoblanganida, tarif 1800 so‘m bo‘lar edi. Shu tariqa, har bir xonadon 40 ming so‘mgacha tejab qolishi mumkin.
Isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kub metrlik gaz meyori 15-martgacha uzaytirildi