TOShKENT, 16 mar — Sputnik. 30 martdan O‘zbekistonning "Centrum Air" xususiy aviakompaniyasi Toshkentdan Rossiyaning eng yirik kurort shaharlaridan biri — Sochiga parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.
“Qora dengiz va mayda toshli plyajlar, tog‘lar va sayr uchun mo‘ljallangan yo‘laklar, Sochi-park, Dendrariy hamda Olimpiya parki ta’tilingizni yodda qolarli qiladi”, — deyiladi kompaniyaning Telegram-kanalida e’lon qilingan xabarda.
Toshkent-Sochi yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar narxi 2,7 million so‘mdan, borib-kelish chiptalari esa 3,76 million so‘mdan boshlanadi.
Avvalroq aviakompaniya 30-martdan Toshkentdan Samaraga, 31-martdan Omskka, 1-apreldan esa Vladivostok va Ulan-Udega haftasiga ikki martadan parvozlarni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, "Centrum Air" Toshkent, Samarqand, Nukus, Termiz va Urganchdan Moskva, Sankt-Peterburg hamda Rossiyaning yana sakkizta shahriga parvozlarni amalga oshirmoqda.