TOShKENT, 15 mar — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha Ishchi guruhning 5-yig‘ilishida 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirishga qaratilgan qo‘shimcha choralar belgilab olindi.
Yig‘ilishga Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov hamraislik qildi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Toshkent shahrida Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filialini tashkil etish loyihasini amalga oshirishda erishilgan ijobiy siljishlar alohida qayd etildi. Loyiha xalqaro savdo sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlashni rivojlantirishga qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 8,4 foizga oshib, 13 milliard dollarga yetdi. O‘zbekiston mahsulotlari eksporti 12,2 foiz o‘sib, 4,4 milliard dollarni tashkil qildi. 2026-yil yanvar oyida esa o‘zaro savdo hajmi 37 foizga oshib, 1,1 milliard dollarga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 293,1 million dollarga ko‘pdir.