TOShKENT, 15 mar — Sputnik. O‘zbekiston delegatsiyasi “O‘tish davrini boshdan kechirayotgan dunyoda kelishmovchiliklarni yengib o‘tish” shiori ostida o‘tkazilgan XIII Global Boku forumida ishtirok etdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qildi.
12–14 mart kunlari bo‘lib o‘tgan forumda dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan 400 nafarga yaqin nufuzli ishtirokchi qatnashdi.
Delegatsiyaga O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Kamilov boshchilik qildi.
Muzokaralarda xalqaro xavfsizlik arxitekturasining transformatsiyasi, ko‘p tomonlama diplomatiya inqirozi va global noaniqlik sharoitida barqaror rivojlanish yo‘llari muhokama qilindi.
Abdulaziz Kamilov o‘z nutqida O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan darajada rivojlanayotganini ta’kidladi.
U, shuningdek, O‘rta koridorni Xitoy va Markaziy Osiyoni Kavkaz hamda Yevropa bilan bog‘lovchi eng qisqa yo‘nalish sifatida ta’rifladi. Qayd etilishicha, ushbu yo‘lakni Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li, Transafg‘on yo‘nalishi va Zangezur koridori bilan uyg‘unlashtirish katta imkoniyatlar ochadi.
Kamilovning fikricha, bu yo‘nalishlarni o‘zaro bog‘lash Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Yevropagacha bo‘lgan hududni qamrab oluvchi diversifikatsiyalangan transport tarmog‘ini shakllantirish imkonini beradi.