O‘zbekiston va YeOII

YeOTB monitoringi: Xitoy bilan 370 mln dollarlik markaz, Amudaryo va Sirdaryoda suv kamayishi

YeOTB monitoringida O‘zbekistonga oid yirik logistika loyihasi, vagonlar xaridi va 2026-yilgi vegetatsiya mavsumi oldidan suv zaxiralari kamayishi qayd etildi.
Sputnik
TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB)ning “Yevroosiyoda infratuzilma” monitoringida O‘zbekistonga oid qator loyiha va prognozlar keltirildi.
Monitoringda qayd etilishicha, “Silkway CA” qo‘shma korxonasi va China Railway Construction Engineering Group kompaniyasi Toshkent viloyatida ko‘p tarmoqli zamonaviy logistika markazining birinchi bosqichini qurish bo‘yicha EPC-shartnoma imzolagan. Birinchi bosqichni 2027-yilda yakunlash rejalashtirilgan. Loyihaga jami investitsiyalar hajmi 370 million dollarni tashkil etadi, uni 2030-yilgacha amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, monitoringda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1350 ta yuk vagonini xarid qilish uchun 100 million dollar ajratish to‘g‘risida qaror imzolagani qayd etilgan. Hujjatda yiliga 2 mingtagacha vagon ishlab chiqarish vazifasi ham belgilangan.
Bundan tashqari, YeOTB 2026-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarida suv ta’minoti bilan bog‘liq keskin vaziyat yuzaga kelishi mumkinligini prognoz qildi.
Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025–2026 yillarda Amudaryo havzasida vegetatsiyalararo davr suvliligi meyorning 68 foizini, Sirdaryo havzasida esa 87 foizni tashkil etgan. Amudaryo bo‘yicha o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 101,8 foizga yetgan.
Monitoring mualliflari xulosasiga ko‘ra, bu holat mintaqa mamlakatlarining faol qishloq xo‘jaligi mavsumiga cheklangan suv zaxiralari bilan kirib borishi xavfini kuchaytirmoqda.
Yevroosiyo taraqqiyot banki

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) Yevroosiyo makonida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi xalqaro moliyaviy tashkilotdir. 18-yildan ortiq vaqt mobaynida YeOTB o‘z a’zolari bo‘lgan mamlakatlarning iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash va kengaytirishga, har tomonlama rivojlanishiga ko‘maklashib kelmoqda. YeOTBning ustav kapitali — 7 mlrd. dollar. Bank portfelidagi asosiy ulushni transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, yashil energiya, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik sohalarida integratsiya effektiga ega bo‘lgan loyihalar egallaydi.

O‘zbekiston YeOTBga 2025-yil sentabr oyida a’zo bo‘lgan.

O‘zbekiston va YeOII
Iqtisodiyoti $600 mlrd, aholisi 96 mln: YeOTB Markaziy Osiyo loyiha va prognozlarini ochiqladi