Toshkent va Panjob viloyatlari o‘rtasida birodarlik va hamkorlik aloqalari o‘rnatildi

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Pokistonda bo‘lib turibdi.
Sputnik
TOShKENT, 13 mar – Sputnik. O‘zbekistonning Toshkent va Pokistonning Panjob viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik "birodar hududlar" maqomida rivojlanadi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Pokistonga amaliy tashrif chog‘ida Lahor shahrida Pokiston Musulmon Ligasi yetakchisi Muhammad Navoz Sharif hamda Panjob viloyati bosh vaziri Maram Navoz Sharif bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda tomonlar Toshkent viloyati va Panjob viloyati o‘rtasidagi hamkorlikni “birodar hududlar” sifatida rivojlantirishga kelishib oldi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, turizm, chorvachilik tarmog‘i, charm sanoati va investisiyalar sohalaridagi hamkorlik istiqbollari, hamda madaniy tashabbuslarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mezbon tomon O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga samimiy qiziqish bildirib, ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.
Mirzayev Toshkent viloyati o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirish, biznes doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
O‘zbekiston-Pokiston qo‘shma biznes forumi: qanday kelishuvlarga erishildi