TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Novosibirsk davlat universiteti (NDU) O‘zbekistonda filial ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu masala NDUda Andijon viloyati delegatsiyasi bilan o‘tgan uchrashuvda muhokama qilindi.
Uchrashuvda universitet tomonidan rektor Dmitriy Pishniy, Tibbiyot va tibbiy texnologiyalar instituti direktori Yuliya Samoylova hamda boshqa vakillar ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan esa tibbiyot sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkor Shukurillajon Jalilov qatnashdi.
NDU 2017-yildan buyon O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Universitet hozir mamlakatning 15 ta yetakchi oliygohi bilan aloqalarni rivojlantirmoqda, NDUning o‘zida esa O‘zbekistondan 70 nafardan ortiq talaba bakalavriat, magistratura, ordinatura va aspirantura yo‘nalishlarida tahsil olmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, so‘nggi bir yil ichida NDU delegatsiyasi Andijonga ikki marta tashrif buyurgan. Tomonlar O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek “Davolash ishi” va “Tibbiyot kibernetikasi” kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilgan.
Yuliya Samoylovaning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikning dastlabki amaliy qadamlaridan biri qo‘shma ta’lim dasturlari va tibbiy yo‘nalishlarda qo‘shimcha kasbiy ta’lim dasturlarini ishga tushirish bo‘lishi mumkin. Ular 2026/2027 o‘quv yilidayoq ochilishi mumkin.