TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Bugun metan "zapravka"lar faqat ijtimoiy soha obyektlariga xizmat ko‘rsatuvchi transport va jamoat transporti uchun faoliyat yuritadi.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, ayni paytda magistral gaz quvurlarida bosimni rostlash va meyoriy holatga keltirish ishlari davom etmoqda.
Gaz bosimi pasaygani sababli birinchi navbatda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Shu bilan birga, birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin va suyultirilgan gaz — propan hajmi oshirilgani, ular bozorga yetarli miqdorda yetkazib berilayotgani aytildi.
Vazirlik xususiy avtozapravka shoxobchalari egalarini narxlarni sun’iy oshirmaslikka, benzinni sifat va miqdor jihatidan to‘g‘ri sotishga chaqirdi. Qo‘shimcha qilinishicha, vakolatli tashkilotlar tomonidan nazorat kuchaytirilgan va asossiz qimmatlashuvga yo‘l qo‘yilmaydi.